Ona tili – o‘zlik timsoli” 21-oktabr Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisidagi” qonun qabul qilingan kuniga bagʻishlangan tadbiri.

 

Tadbirni kafedra professori  Babadjanova Sh.A,. ochib berdilar. Keyin so‘z kafedra dotsenti  Islamova Z.S., k/o‘ Musayeva N.B. ga berildi va ular bugungi tadbirimizning asosiy maqsadi – ona tilimizning, xususan, davlat tilining hayotimizdagi beqiyos ahamiyatini chuqur anglash  to`g`risida fikrlarini bildirdilar. O‘zbek tili dunyoda 50 million atrofida odam gaplashadigan til ekanini e’tiborga olsak, yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida emas. Biroq faqat son bilan masala hal bo‘lganida edi. Zamonaviy dunyoda til bu odamlar bir-biri bilan muloqot qiluvchi vositagina emas, ma’rifat tarqatuvchi manba bo‘lishi ham kerak. Aks holda u ta’sirini yo‘qotadi. Til bu tafakkurga bog‘liq hodisa ekan, uning rivoji ham tafakkur rivoji bilan chambarchas bog‘liq. Olaylik, odam qorni ochligi, joni og‘riyotgani yoki kundalik turmush sharoitida nimagadir ehtiyoji borligini har qanday o‘zi bilgan tilda ayta oladi. Jahonda 50 million odam shunday maishiy ehtiyojlarini o‘zbek tilida aytyapti. Biroq insonning ma’naviy, aqliy ehtiyojlari ham bor: sifatli asar o‘qish, ilmiy maʼlumotlarni izlash va qabul qilish, yaxshi film ko‘rish va hokazo. Masalan, Nobel mukofoti olgan yozuvchining asarlarini qaysi tilda o‘qiydi o‘zbek? Albatta, o‘zbek tilida o‘qishi kerak. Bugun o‘zbek tili bayrami kunida bizning tilimiz oldida shunday buyuk maqsad turganini aytishimiz lozim. Ya’ni, o‘zbek tili yo‘qolib ketish oldida turgan, yashab qolishga intilayotgan tillar qatorida emas.

Prezidentimiz o‘zbek tilini mustaqillik kabi ulug‘ qadriyatdir, dedilar. Xususan: “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak”, degan edilar. Tarixga nazar tashlasak, O‘zbekistonning mustaqilligi uchun ilk harakatlar ham aynan tilimizga davlat tili maqomi berilishidan boshlanganini ko‘rishimiz mumkin. Til – bu xalqning eng katta boyligi, uning tarixiy xotirasi va madaniy merosini asrab-avaylaydigan eng muhim vositadir. Har bir millat o‘z tilida fikrlaydi, orzu qiladi, his-tuyg‘ularini ifodalaydi. Agar til yo‘qolsa, millatning o‘zi ham asta-sekin yo‘qoladi. Shu bois, davlat tiliga ega bo‘lish – bu millatning mustaqilligi, o‘zligini saqlab qolish va kelajak avlodga yetkazish kafolatidir. Davlat tili – bu nafaqat rasmiy muloqot vositasi, balki jamiyatning barcha sohalarida birdamlik va tushunishni ta’minlovchi yagona poydevordir. U qonunlar, ta’lim, fan, madaniyat, OAV va diplomatik aloqalarda asosiy aloqa tilidir. Davlat tili orqali xalq o‘z tarixini o‘rganadi, madaniyatini rivojlantiradi va o‘z mustaqil siyosiy qarashlarini shakllantiradi. Ona tili insonning shaxs sifatida shakllanishida ham beqiyos ahamiyatga ega. Til orqali inson tafakkuri kengayadi, milliy qadriyatlarga hurmat shakllanadi, ma’naviy olami boyiydi. Ayniqsa, davlat tili maqomiga ega bo‘lgan til jamiyatda huquqiy himoyaga ega bo‘ladi, bu esa uning rivojlanishi va kelajak avlodga sof holda yetib borishini ta’minlaydi.

Davlat tilining taraqqiyoti – bu millat sha’ni va kelajagi uchun eng muhim masalalardan biridir. Uning rivoji, avvalo, bizning kundalik hayotimizdagi amaliy harakatlarimizga bog‘liq. Shu bois, har birimiz quyidagi uch asosiy yo‘nalishda faol bo‘lishimiz zarur:

Birinchidan, til madaniyatiga rioya qilish. Har bir matn, nutq yoki yozishmada imlo va uslub qoidalariga qat’iy amal qilish, jumlalarni aniq va ravon tuzish, keraksiz so‘zbozlikdan qochish – bu tilimizning obro‘sini oshiradi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham savodli yozish, shevaga yoki qo‘pol so‘zlashuvga berilmasdan, adabiy tilda ifoda etish – har bir ziyoli yoshning kundalik burchi bo‘lishi kerak. Chunki tilimizga e’tibor – o‘zimizga bo‘lgan hurmatdir.

Ikkinchidan, ilm-fan va texnologiya sohalarida o‘zbek tilidan foydalanish. Ilmiy maqolalar, texnik hujjatlar, darsliklar, dasturiy ta’minot va qo‘llanmalarni o‘zbek tilida tayyorlash, zamonaviy ilm-fan atamalarini to‘g‘ri tarjima qilib amaliyotga joriy etish orqali biz tilimizning zamonaviy rivojiga katta hissa qo‘shamiz. Bu – o‘zbek tilini faqat adabiyot va san’at tili emas, balki zamonaviy texnologiyalar va ilm-fanning ham yetuk ifoda vositasiga aylantirish demakdir.

Uchinchidan, tilni targ‘ib qilish. O‘zbek tilidagi madaniy tadbirlar, adabiy uchrashuvlar, teatr sahnalari, onlayn loyihalar va xalqaro forumlarda faol qatnashish – tilimizni keng miqyosda targ‘ib qilishning samarali yo‘lidir. Shuningdek, chet ellarda o‘zbek tilini o‘rgatish va targ‘ib qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali biz uning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishimiz mumkin.

Tadbir talabalarda katta ta’surotlar qoldirdi va ularga o‘zgacha ko‘tarinki rux bag‘ishladi

Leave a Comment

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.